Описание книги
Muhtaram deputat va senatorlar!
Aziz vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun biz barchamiz jonajon Vatanimizning siyosiy hayotidagi muhim voqeada ishtirok etmoqdamiz.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti - Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etilmoqda.
Sizlarga yaxshi ma'lumki, dunyodagi ko'pchilik taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament a'zolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish bo'yicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.
Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli bugun O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga g'oyat uyg'un va hamohang bo'lib, bizning ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi deb o'ylayman.