Описание книги
"Revmatologik yordamni tashkil etish va samaradorligini oshirish tamoyillari" nomli metodik qo'llanma revmatologik kasalliklar bilan og'rigan bemorlarga tibbiy xizmat ko'rsatish tizimini takomillashtirish masalalariga bag'ishlangan. Unda sog'liqni saqlash tizimida revmatologik yordamni ko'rsatishning mavjud muammolari, tashxis qo'yish va davolash jarayonidagi kamchiliklar, shuningdek ularni bartaraf etishning ilmiy asoslangan yondashuvlari yoritilgan.
Qo'llanmada revmatologik yordamni hududiy darajada tashkil etish, aholining shahar va chekka hududlarda tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini solishtirish, tashxisning erta qo'yilishi va dispanser nazorati samaradorligini oshirish bo'yicha aniq amaliy tavsiyalar keltirilgan. Shuningdek, zamonaviy diagnostika usullari (laborator, instrumental va immunologik tekshiruvlar) va samarali davolash algoritmlarini joriy etishning afzalliklari tahlil qilingan.
Metodik qo'llanma revmatologik kasalliklarda nogironlikni kamaytirish, bemorlarning hayot sifatini yaxshilash va kasallik oqibatida yuzaga keladigan ijtimoiy- iqtisodiy yo'qotishlarni oldini olishga qaratilgan. Unda tibbiy yordam ko'rsatishning ko'p bosqichli tizimini (birlamchi tibbiy bo'g'in, ixtisoslashtirilgan yordam va yuqori texnologiyali davolash markazlari) uyg'unlashtirish tamoyillari asoslab berilgan.
Qo'llanma shifokorlar, sog'liqni saqlash tizimi mutaxassislari, ilmiy xodimlar hamda revmatologik xizmatni takomillashtirishga mas'ul rahbarlar uchun mo'ljallangan