Book description
Ushbu laboratoriya mashg‘ulotlari Farmatsevtik kimyo fanining nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, talabalarda dori vositalarining kimyoviy tuzilishi, fizik-kimyoviy xossalari, sifat va miqdoriy tahlil usullarini o‘rganish hamda amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Laboratoriya mashg‘ulotlari davomida talabalarga dori moddalari va farmatsevtik substansiyalarning chinligini aniqlash, tozaligini baholash, standart talablariga muvofiqligini tekshirish, shuningdek, ularning sifat va miqdoriy tarkibini aniqlash usullari o‘rgatiladi. Bunda kimyoviy reaksiyalar, titrimetrik, gravimetrik, spektrofotometrik, fotometrik, xromatografik va boshqa instrumental tahlil usullaridan foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari yoritiladi. Mashg‘ulotlarda dori vositalarining asosiy farmakologik guruhlariga mansub moddalarni tahlil qilish, ularning funksional guruhlarini aniqlash, identifikatsion reaksiyalarni bajarish, miqdoriy aniqlash uchun tegishli analitik usulni tanlash hamda olingan natijalarni farmakopeya talablari asosida baholashga alohida e’tibor qaratiladi.
Laboratoriya ishlarini bajarish jarayonida talabalar laboratoriya jihozlari va o‘lchov asboblaridan to‘g‘ri foydalanish, reaktivlar bilan xavfsiz ishlash, tajriba natijalarini qayd etish va matematik-statistik jihatdan qayta ishlash ko‘nikmalarini egallaydilar. Shuningdek, farmatsevtik tahlilda aniqlik, ishonchlilik, takrorlanuvchanlik va metrologik talablarning ahamiyati o‘rganiladi. Mazkur laboratoriya mashg‘ulotlari talabalarda farmatsevtik tahlilni mustaqil olib borish, dori vositalarining sifatini nazorat qilish, tahlil natijalarini ilmiy asosda izohlash va farmatsevtik amaliyotda zamonaviy analitik usullardan foydalanish kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.