Book description
Mazkur o‘quv-uslubiy qo‘llanma tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda yelka kamari suyaklari va qo‘lning erkin suyaklari anatomiyasiga oid asosiy nazariy va amaliy ma’lumotlar yoritilgan. Qo‘llanmada yelka kamari tarkibiga kiruvchi o‘mrov suyagi (clavicula) va kurak suyagining (scapula) tuzilishi, anatomik qismlari, yuzalari, qirralari, o‘simtalari hamda ularning o‘zaro anatomik munosabatlari batafsil bayon etilgan. Shuningdek, qo‘lning erkin suyaklari — yelka suyagi (humerus), bilak suyaklari (tirsak suyagi — ulna, bilak suyagi — radius) va qo‘l panjasi suyaklarining (ossa manus) anatomik tuzilishi, ularning qismlari, bo‘g‘im yuzalari va funksional xususiyatlari yoritilgan. Qo‘l panjasi suyaklari tarkibidagi kaft usti suyaklari (ossa carpi), kaft suyaklari (ossa metacarpi) va barmoq falangalari (phalanges digitorum manus)ning anatomik xususiyatlariga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘quv-uslubiy qo‘llanmada suyaklarning anatomik terminologiyasi lotincha nomlari bilan birgalikda keltirilib, talabalarning anatomik atamalarni to‘g‘ri o‘zlashtirishiga yordam beruvchi sxema, jadval, rasm va amaliy topshiriqlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Mavzuni o‘zlashtirish jarayonida suyaklarning anatomik tuzilishini preparatlar, anatomik modellar va tasviriy materiallar asosida aniqlash hamda ularni klinik jihatdan baholash ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan.