Book description
Bemorning hayot tarixi (Anamnesis vitae) va kasalligining kechishi chuqur tahlil qilingandan keyin uni bevosita ko‘zdan kechirishga kirishiladi, bu umumklinik tekshiruvlarning eng muhim qismi hisoblanadi. Shifokor bemorning umumiy ahvolini baholashda avvalo uning yurish–turishi, o‘zini tutishi va gapirish uslubiga hamda berilgan savollarga mantiqan javob berishiga eʼtibor beradi. Chunki, keskin harakatlar, tez gapirish, qo‘l va gavdani qimirlatib so‘zlash asab tizimida muayyan o‘zgarish mavjudligidan dalolat beradi. Bemorning og‘rigan tomoni bilan majburan tizza va chanoq–son bo‘g‘imlarini bukib oyog‘ini gavdasiga yaqinlashtirib yotishi buyrak atrofida yallig‘lanish borligini ko‘rsatadi. Haddan tashqari bezovtalanib, o‘ziga qulay holat topa olmay og‘riqni kamaytirishga behuda urinishi esa buyrak sanchig‘iga xos klinik belgidir. O‘tirgan o‘rnidan tik turishga qiynalashi osteoxondrozga xos alomatlar sirasiga kiradi