Book description
Aholining yuqumli kasalliklar bilan kasallanish holatlari alohida ahamiyatga ega.
Yuqumli kasalliklarning turli jihatlarini o‘rganish borasida ko‘pgina ma’lumotlar to‘plangan. Bugungi kunda olimlar bu sohada hali yechimini topmagan muammolar ustida astoydil ish olib bormoqdalar. Ko‘pgina yuqumli kasalliklarning tugatilishi yoki kamayishida erishilgan yutuqlarga qaramasdan, bu kasalliklar hanuzgacha aholi sog‘lig‘iga katta ziyon yetkazib kelmoqda. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining bugungi kundagi asosiy vazifalaridan biri yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish va ularning oldini olishdir. Yuqumli kasalliklarning o‘ziga xos qonuniyatlari mavjud bo‘lib, bular yuqumli kasalliklarning ma’lum vaqt o‘tishi bilan epidemiyaga sabab bo‘lishi yoki ba’zi kasalliklarning tugatilishi arafasida yangi yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishidir.
Bu qonuniyatlar tibbiyot xodimlaridan turli epidemiologik holatlarga shay turish, o‘z vaqtida tashxis qo‘yish, shoshilinch yordam ko‘rsatish va o‘z vaqtida profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazishdek yuqori mas’uliyatni talab qiladi.
Yuqumli kasalliklar bilan kurashish va ularning oldini olishda tibbiyot xodimlarining o‘rni muhim bo‘lib, bu ularning bilim va amaliy tayyorgarlik darajasiga bevosita bog‘liq. O‘quvchilarni yuqumli kasalliklar etiologiyasi, epidemiologiyasi, klinikasi, laboratoriya tashxisi, davolash va profilaktikasining o‘ziga xos xususiyatlari bilan chuqur tanishtirish bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini ham yaxshilaydi.
Mazkur darslik «Oliy hamshiralik ishi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda yuqumli kasalliklar, umumiy epidemiologiya, klinika, tashxislash va davolash masalalari yoritilgan.